FORISH TUMAN HOKIMI IKROM SINDAROVICH MATIYEVNING 1 OKTYABR – O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI
Assalomu alaykum muhtaram ustoz va murabbiylar! Qadrli do‘stlar!
Avvalo Sizlarni, o‘z hayotini dunyodagi eng mashaqqatli va sharafli ishga bag‘ishlab kelayotgan pedagoglarni – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabriklayman. Biz ustoz zotini azaldan otaday ulug‘ deb biladigan, ma’rifatparvar xalq farzandlarimiz.
Bugun biz mamlakatimizda millati, tili, dinidan qat’i nazar, har bir inson o‘z qobiliyati va iste’dodini, bilim va tajribasini ro‘yobga chiqara oladigan ijtimoiy davlat barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda barcha kuch va imkoniyatlarimizni yoshlarimizning intellektual va jismoniy kamoloti, ularning sifatli ta’lim olib, hayotda munosib o‘rin egallashlariga qaratilgan.
Aziz ustoz va murabbiylar!
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan g‘oya ilgari surildi. Maktab – bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida belgilanib, ta’lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritildi. Chunki jamiyat hayotida o‘qituvchining o‘rni va ta’siri oshsa – maktabning obro‘si oshadi, ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohasining qadri ko‘tariladi. Muallimning obro‘-e’tibori esa bu millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir.
Pedagog xodimlarni majburiy mehnat va turli jamoatchilik ishlariga jalb qilish holatlariga chek qo‘yilgani, ta’lim muassasalarida qog‘ozbozlikka barham berilayotgani bugun o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatmoqda. Olis hududlardagi maktablarga dars berish uchun jalb etilgan yuqori toifali o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Mamlakatimizda farzandlarimizni go‘daklik davridan to kamolot yoshiga qadar har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni hayotda munosib o‘rnini topishiga xizmat qiladigan uzluksiz samarali tizim yaratilmoqda.
Aziz ustoz, murabbiylar!
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2020-yil 29-apreldagi farmoni bilan xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda 48 ta maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilab berildi.
Taraqqiyotimiz dasturi bo‘lmish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida sizlar bilan birga ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi maqsad va rejalar belgilab qo‘yilgan.
Bugungi kunda tumanimizda 66 ta umumta’lim maktabi, 1 ta kasb-hunar maktabi, 1 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 1 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi, 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab, 1 ta sport maktabi, 21 ta davlat tasarrufidagi, 3 ta xususiy sherikchilik asosidagi, 47 ta uy va oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalari, jami 71 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida farzandlarimizga ta’lim-tarbiya berilmoqda.
Ularda bugungi kunda ikki mingdan ziyod pedagog murabbiylar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Yoshlar – xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi. Keng ko‘lamli islohotlarimizning samarali amalga oshirishda ular hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqmoqda. Bu yil tumanimizdagi umumta’lim maktablarini 986 nafar yoshlar bitirgan bo‘lsa, ularning 264 nafari oliy ta’lim muassasalari talabalari bo‘lishdi. Bugungi kunda tumandagi 4 ta sektor rahbarlari bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalariga kirolmagan yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Birorta yosh e’tiborimizdan chetda qolmaydi.
Aziz ustoz, murabbiylar!
Bugun mamlakatimizda ta’lim-tarbiyaga davlat kelajagini belgilovchi soha sifatida e’tibor berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi farmoni bilan 1-oktyabrdan ta’lim sohasi xodimlarining ish haqi 15 foizga oshirilmoqda. O‘qituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimi ham takomillashtirilib borilmoqda. Farzandlarimizni milliy g‘urur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratilaveradi.
2024-yil ta’lim sohasida keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Mustaqilligimizning 33 yillik bayrami arafasida “Nurak” mahallasidagi 8-umumta’lim maktabi kapital rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, “Sayyod” mahallasidagi 29-umumta’lim maktabida sport zali qurilib, foydalanishga topshirildi.
Tumandagi “Oqtepa” mahallasi Tutak masssivida yangi maktab binosi qurilishi davom etmoqda. Shu mahalladagi 6-umumta’lim maktabida sport zal bunyod etildi. “Qo‘lba” mahallasidagi 47-umumta’lim maktabida ham sport zali qurilishi amalga oshiriladi.
Yangi o‘quv yilidan tumandagi maktablar soni yana bittaga ko‘paydi. “Uchquloch” mahallasidagi 10-umumta’lim maktabining Quyi Uchquloch qishlog‘idagi filiali 24-umumta’lim maktabiga aylantirildi.
Umumta’lim maktablari moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida tumanda 2024 yilda o‘tkazilgan tashabbusli byudjetlashtirish jarayonida tumandagi ixtisoslashtirilgan maktab moddiy texnik bazasini mustahkamlashga 1 mlrd. 300 mln. so‘m, “Oqtepa” mahallasida joylashgan 6-umumta’lim maktabida sport zal bunyod etish uchun 1 mlrd. 360 mln. so‘m, “Qo‘lba” mahallasida joylashgan 47-umumta’lim maktabida sport zal bunyod etish uchun 1 mlrd. 360 mln. so‘m ajratildi.
✅ Aziz o‘qituvchilar, ustoz murabbiylar!
Sizlar har bir murg‘ak bolani o‘z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini baxshida etayotgan o‘qituvchi, murabbiylar tom ma’noda fidoyi kasb egalarisiz.
Ma’rifatparvar bobomiz Mahmud xo‘ja Behbudiyning “Avlodlaringizga faqat bugunning emas, kelgusi zamonning ilmini o‘rgating” degan ibratli so‘zlarini hech qachon yoddan chiqarmaysizlar degan umiddaman.
Sizlarni 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayramingiz bilan yana bir bor tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, baxtu-saodat, ezgu faoliyatingizda omadlar tilayman. Xonadoningizni fayzu baraka tark etmasin.
Hamisha sog‘-omon bo‘ling aziz ustozlar!