FORISH TUMAN HOKIMI «SO‘NGGI QO‘NG‘IROQ» TADBIRIDA ISHTIROK ETDI
25-may kuni umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun hayajonli va unutilmas kun sanaladi. Chunki shu sanada mamlakatimizning barcha ta’lim maskanlarida tantanali ravishda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari o‘tkaziladi.
Mehribon ustozlar o‘z farzandidek bo‘lib qolgan bitiruvchi sinf o‘quvchilarini oq yo‘l tilab, mustaqil hayotga kuzatadilar.
Tumandagi maktablarda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» jarangladi. Ulkan orzu-maqsadlar bilan ta’lim-tarbiya quchog‘ida jam bo‘lishgan o‘quvchilar bugun hayotning katta ostonasiga qadam qo‘yishmoqda. Bu yil tumandagi 65 ta umumta’lim maktablarining 11-sinfini 986 nafar yigit-qizlar bitirib chiqishmoqda.
Tumanning 1-sektor hududidagi «Qo‘lba» mahallasida joylashgan 12-umumta’lim maktabida ham «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari tashkil etildi. «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirida tuman hokimi Ikrom Matiyev ishtirok etib, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning bitiruvchi yoshlarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
– Mamlakatimizdagi barcha umumta’lim dargohlarida «So‘nggi qo‘ng‘iroq»lar yangrab, qadrdon maktabingiz, mehribon ustozlaringiz bilan xayrlashuv tadbirlari o‘tkazilayotgan ushbu quvonchli va g‘oyat hayajonli damlarda hammangizga kelgusi hayotda ulkan yutuq va omadlar tilayman.
Mana shunday shukuhli onlarda siz, aziz farzandlarimni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tamomlab, hayotingizda dastlabki muhim dovondan oshganingiz bilan tabriklayman. Hech qachon unutmang, kelajakda sizni yanada ulkan va mas’uliyatli marralar kutmoqda. Oldingizga aniq maqsad qo‘yib, bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va salohiyatingiz bilan harakat qilsangiz, ko‘zlagan cho‘qqilarga albatta erishasiz, – dedi tuman hokimi o‘z so‘zida.
12-umumta’lim maktabi 11-sinfini bu yil 40 nafar yoshlar bitirib katta hayotga yo‘llanma olishmoqda. Tantanada ota-onalar, mehmonlar bitiruvchilarni tabriklab, ularga o‘z oldilariga qo‘ygan orzulari ushalishi va maqsadlariga yetishishlari tilandi. Birinchi sinf bitiruvchilarini esa maktab jamoasi a’zosi sifatida e’tirof etilganliklari va dastlabki yildagi o‘ziga xos «sinovlar»dan muvafaqqiyatli o‘tib olganliklari ta’kidlandi. Shuningdek, yil davomida a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlanib, tuman hokimligi tashakkurnomalari va faxriy yorliqlari bilan rag‘batlantirildi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.