FORISH TUMANIDA HAMSHIRALAR KUNI NISHONLANDI
Hamshira deganda ko‘z o‘ngimizga qo‘li yengil, so‘zi shirin, yuzi kulib turadigan va har qanday vaziyatda bemorga beminnat ko‘mak berishga tayyor malakali mutaxassis gavdalanadi.
Tibbiyot maskanlarida fidoyi bo‘lib, o‘ziga yuklatilgan bemor parvarishini sidqidildan mehr bilan amalga oshiradigan soha vakillari bugun kasb bayramini nishonlamoqda. Sohadagi eng so‘nggi tibbiyot texnologiyalari asosidagi operatsiyalarni muvaffaqiyatli o‘tkazish jarayonidan tortib, operatsiyadan keyingi bemor parvarishi, laboratoriya-diagnostika sohasi, ona-bola parvarishi, shoshilinch va tez tibbiy xizmat, sanitariya-epidemiologiya, farmasevtika kabi qator sohalarida yurtimizda faoliyat yuritib kelayotgan hamshiralarning o‘rni beqiyos. Shu jumladan, uyma-uy yurib, oiladagi tibbiy madaniyat darajasining yuqori bo‘lishida ulkan hissa qo‘shib kelishayotgan patronaj hamshiralarning mehnati ham alohida tahsinga loyiq.
Egniga oq xalat kiyib, nomi va sha’nini xuddi libosidek pokiza saqlaydigan hamshiralarni tibbiyotimizning suyanchi va tayanchi, deb ta’riflash mumkin. O‘z huzur-halovatidan kechib, jonini xatarga qo‘yib, o‘zgalar dardida yelib-yuguradigan, bemorlarni nafaqat dori-darmon, balki mehr va shirin so‘z bilan davolayotgan bu sharafli kasb egalarining mashaqqatli mehnati tahsinga sazovor.
Forish tumanida hamshiralar kuni munosabati bilan “Dil ifori” tantanalar majmuasida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dildora Mavlonova so‘zga chiqib, barcha hamshiralarni bugungi kasb bayrami bilan samimiy qutladi. Ularga kelgusi ishlariga omad, oilaviy baxt, sog‘lik-salomatlik va yuksak muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir davomida o‘z kasbiga fidoyiligi, jonkuyarligi va tirishqoqligi bilan boshqa hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh hamshiralar tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.