FORISH TUMANIDA MAHALLA TIZIMI XODIMLARI KUNI NISHONLANDI VA UCH AVLOD UCHRASHUVI O‘TKAZILDI
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2020 yildan buyon mamlakatimizning barcha hududlarida, jumladan Forish tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham 22 mart – “Mahalla tizimi xodimlari” kuni sifatida keng nishonlandi hamda uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi.
Forish tumanidagi 30-son madaniyat markazida mahalla tizimi xodimlari kuni hamda uch avlod vakillari uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbirda tuman hokimi Ikrom Matiev va jamoatchilik vakillari, yoshlar, nuroniylar ishtirok etishdi.
– Mahalla – jamiyatning muhim tayanch bo‘g‘ini hisoblanadi. Keyingi yillarda qishloq va mahallalarimizni rivojlantirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Mamlakatimizda qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari tizimiga oid 40 ta qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan. 50 dan ortiq qonun va qonunosti hujjtlar takomillashtirilgan, – dedi tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi Ikrom Matiev.
Tuman hokimi o‘z so‘zida tumandagi mahallalarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga ham to‘xtalib o‘tdi.
Ayni paytda Forish tumanida 25 ta mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat yuritmoqda. Barcha mahallalarda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini to‘laqonli va samarali joriy etish, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda mahalla mutasaddilari oldida juda katta vaziflalar turibdi.
Tadbirda “Obod va xavfsiz mahalla” dasturi doirasida alohida o‘rnak ko‘rsatgan mahalla fuqarolar yig‘inlari raislariga, faol mahalla yettiligi a’zolariga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, uch avlod uchrashuvi tadbirida tumandagi fidoyi keksa avlod vakillari yoshlarga bugungi kunda mamlakatimizda ularni bilim olishlari va ishlashlari uchun yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlar haqida so‘zlab, o‘zlarining maslahat va tavsiyalarini berishdi.
Tuman madaniyat markazi san’atkorlarining konsert dasturi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.