BOSH PROKUROR O‘RINBOSARI FORISH TUMANIDA BO‘LDI
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari S.Samadov Forish tumanida bo‘lib, tumanda qurilishga oid davlat dasturlari ijrosi, byudjet xarajatlarini optimallashtirish va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar ahvolini o‘rgandi.
Jumladan, tumanda “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida tumandagi maktablarda o‘quvchilar soni oshganligi sababli qo‘shimcha bino qurish loyihalarini amalga oshirilishi bilan tanishdi, mutasaddilar bilan suhbatlashdi. Loyiha-smeta hujjatlari hududiy shtablarda o‘rganilishi, mablag‘larni iqtisod qilish choralarini ko‘rilishi, shu bilan birgalikda ortiqcha ish turlarini chiqarilishi ob’ektlarning yakunlamay qolishiga sabab bo‘lmasligi lozimligi, ishlarni sifatli bajarilishini doimiy nazorat qilib borish haqida topshiriqlar berdi.
Shuningdek, tumandagi “Nurak” mahallasida va shu mahallada joylashgan 8-umumta’lim maktabi faoliyati bilan tanishdi.
Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada “mahalla yettiligi” faoliyatini yanada jonlantirish yuzasidan kelgusidagi vazifalar bo‘yicha mas’ullarning hisoboti eshitildi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.