FORISH TUMANINING “O‘XUM” MAHALLASIDA SAYYOR QABUL O‘TKAZILDI
Forish tumani hokimi, 1-sektor rahbari Ikrom Matiyev 1-sektor hududidagi “O‘xum” mahallasida joylashgan 46-umumta’lim maktabida mahalla yoshlari va aholi muammolarini o‘rganish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi.
Sayyor qabulda tuman prokurori Ikrom Narziev va tuman hokimi o‘rinbosarlari, tumandagi bir qator korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari, mahalla mutasaddilari ham ishtirok etdi. Dastlab yig‘ilganlar huzurida tuman hokimi so‘zga chiqib, bugungi kunda tumanda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi. Shundan so‘ng birma-bir yoshlar va aholi muammolari tinglandi.
Sayyor qabulda fuqarolar tomonidan ichki yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi ta’minoti, ichimlik suv, suyultirilgan gaz ta’minoti, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va boshqa bir qator masalalar bo‘yicha murojaatlar qilinib, ularning har biri alohida tegishli tashkilotlar tomonidan hal etish choralari izlandi.
Qabulda aholi tomonidan bildirilgan murojaatlarning bir qismi joyida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha muddat va o‘rganish talab etadigan murojaatlar tegishli tashkilotlarga topshirilib ijrosi nazoratga olindi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.