“JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT”
Mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa yoshlarning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Forish tumani 3-sektor hududidagi Oybek nomli mahallada joylashgan 33-umumta’lim maktabida milliy gvardiya Jizzax viloyat boshqarmasi tomonidan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish, ma’naviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid hamda xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash maqsadida “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda milliy gvardiya Jizzax viloyat boshqarmasi bolalar masalalari bo‘yicha katta inspektor psixologi, kapitan S.Abdulakimov hamda inspektor psixolog, leytenant S.Xudoyberdiyev, Forish tuman qo‘riqlash bo‘limi boshlig‘i, mayor S.Soatovlar ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ayrim yoshlarning bilib-bilmay xatarli yo‘llarga kirib qolayotganligi va buning ayanchli oqibatlari, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda vatanparvarlik, millatparvarlikka qaratilgan ezgu yo‘nalishlar, islom dinining insonparvarlik, tinchlik va do‘stlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdilar.
Tadbir davomida ishtirokchilardan kelib tushgan barcha savollarga mutasaddilar tomonidan zarur tushunchalar berildi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.