“AYOLLAR DAFTARI”DAN CHIQQAN TADBIRKOR
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 14-mart kuni Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumaniga tashrif buyurib, aholi tomorqasidan samarali foydalanish bo‘yicha aniq topshiriqlar berib, mas’ullarga mahalla kesimida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.
Bu borada Forish tumanida ham aholi tomorqasidan unumli foydalanish, eksportbop mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish borasidagi ishlar olib borilmoqda.
Forish tumani “Qizilqum” mahallasida yashovchi Aziza Xudoyberdieva “Xalq banki”dan 30 million so‘m kredit olib, 3 sotix joyda issiqxona tashkil etdi. Ushbu issiqxonada turli ekinlar ko‘chatlarini yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan.
Ayni kunda issiqxonada qovun, tarvuz, handalak, oshqovoq, pomidor, bulg‘or qalampiri ko‘chatlarini yetishtirmoqda. Ushbu yetishtirilgan ko‘chatlarni mahalla hududida faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklari, dehqon xo‘jaliklari, qishloq xo‘jalik korxonalari va aholiga sotib 50-60 million so‘mgacha daromad qiladi.
Aziz Xudoyberdieva “Ayollar daftari”ga kiritilgandi. Unga ko‘rsatilgan yordamlar tufayli o‘zini o‘nglab oldi.
Dehqonchilik qilib, tomorqasini rivojlantirib kam bo‘lmayapti. U o‘z faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida Sharof Rashidov tumanida gulchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Sharofat Ergashevadan gul yetishtirish sir-sinoatlarini o‘rganib kelgan.
Yetishtirilgan barcha ko‘chatlar sotib bo‘lingach ular o‘rnida gul yetishtiriladi.
Izlagan, intilib mehnat qilgan odam kam bo‘lmaydi. Muhtaram Prezidentimiz aholi tomorqasidan samarali foydalanish, shu hisobdan oilalar daromadini oshirish uchun barcha shart-sharoit va imtiyozlarni yaratib bermoqda. Har bir oilaning farovon bo‘lishi yurtimiz iqtisodiyotining yanada rivojlanishini mustahkamlaydi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.