Телефонлар:
(0372) 452-18-66
(0372) 452-17-95

OG‘UGA OSHNO BO‘LMANG!

27 февраль 2024 йил
175
0

Hayot aslida ulug‘ ne’mat. Garchi inson o‘z ongi, tafakkuri bilan buyuk bo‘lsa-da, afsuski, ana shu ne’matning qadrini doim ham anglab yetavermaydi. Yoinki nafsi oldida ojizlik qilib, osuda kunlarini azobga aylantiradi. «Giyohvandlik – asr vabosi», deymiz. Birgina shu iborada ham insoniyatning zaif tomonlarini yaqqol ko‘rish mumkinki, o‘tib borayotgan yuz yillar bu «vabo»ni yo‘q qilib yuborishga erisha olmayotir.

O‘tgan asr boshlarida, aniqrog‘i, 1909 yilda Shanxay qoradori komissiyasi majlisida davlatlar o‘rtasida giyohvand moddalarni o‘tkazishni cheklash to‘g‘risidagi hujjatlar qabul qilindi. Oradan ikki yil o‘tib, opium bo‘yicha Gaaga xalqaro anjumanida tarixda birinchi marta giyohvandlik to‘g‘risidagi konvensiya ishlab chiqildi. O‘shandan buyon giyohvandlikka qarshi kurash kuchaysa kuchaydiki, susaymadi. Bugungi kunga kelib esa muammo jahon darajasiga chiqdi. Biroq, bu ofat insoniyat boshiga og‘ir kulfatlarni yog‘dirishda davom etmoqda. Ko‘ra-bila turib hayot uchun qasd bo‘lgan bangivor o‘simliklarni yetishtiruvchilar, uni sotish bilan shug‘ullanuvchilarga nisbatan tabiiy ravishda nafrat bosh ko‘taradi.

Ayni kunlarda asr vabosiga aylangan giyohvandlikka qarshi kurashish jamiyatimizning har bir fuqarosi oldida turgan muhim va dolzarb vazifadir.

Giyohvandlik vositalarining katta miqdorda yetishtirilayotgani va sayyoramiz bo‘ylab shiddat bilan tarqalayotgani kelajagi uchun qayg‘uradigan har bir millatni tashvishga solishi shubhasiz. Bugungi kunda dunyoda asr vabosi deb atalayotgan giyohvandlik iskanjasiga tushganlarning aksariyat qismi 15–35 yosh orasida bo‘lgan yigit-qizlardir.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro hamjamiyat oldidagi o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarmoqda.

Yurtimizda narkotik moddalarni iste’mol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash masalasiga davlat va millatning ertasini hal etuvchi omillardan biri sifatida qarab kelinmoqda.

Avvalo, bu kabi sa’y-harakatlarning huquqiy asosini mustahkamlash uchun qator normativ-huquqiy hujjatlar, xususan, «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi hamda BMT konvensiyalarini ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlar qabul qilindi. Bundan tashqari, Narkotik moddalarni nazorat qilish davlat komissiyasi tuzildi.

Ushbu dastur asosida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar va boshqa vakolatli idoralar narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha aniq maqsadli kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga, shuningdek, bu illatning tarqalishini oldini olish, idoralararo va xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.

Mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlari transmilliy narkoguruhlarni fosh etish va faoliyatiga chek qo‘yish, kontrabanda kanallarini aniqlash, giyohvandlik ekinlarini yo‘q qilish bo‘yicha maxsus operatsiyalarni o‘tkazib kelmoqda. Xususan, muntazam o‘tkazib kelinayotgan «qoradori» operatsiyalari davomida tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan o‘simliklarni g‘ayriqonuniy ravishda yetishtirish, saqlash va shu kabi holatlar aniqlanmoqda.

Yaqinda tumanda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan «Qoradori – 2020» tadbiri doirasida 2 nafar fuqarolar giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirayotgani aniqlanib, ushbu o‘simliklar tegishli tartibda yo‘q qilindi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ularning biri molxonasida, ikkinchisi esa tomorqasida ta’qiqlangan «ko‘knor» o‘simligini yetishtirayotgandi.

Nafaqat o‘z hayoti, boshqalar umrini ham tahlikaga qo‘yib, turli jinoyatlar sodir etilishi, nogiron bolalarning dunyoga kelishi, bemahal o‘limga sababchi bo‘lishini bila turib shu yo‘lni tanlagan bunday kimsalarni kechirish mumkinmi?
Shu o‘rinda bir narsani tahlil etishga to‘g‘ri keladi. Tan olamizmi, yo‘qmi, narkotik moddalar savdosi kengaymoqda. Xo‘sh, nega? Uning ahamiyati shu qadar balandmi yoki keltiradigan nafi kattami? Aksincha, barchamizga ayon bo‘lganidek, bu zahri qotil umr ildizlariga ziyon yetkazadi.
Olib boradigan joyi qaltis. Bu savdo bilan shug‘ullanuvchilar o‘z hayotlari xatarda ekanini his etib tursalar-da, azob-uqubatni unga alishadilar. Masalaning yana bir tomoni borki, bu narkobizneschilar uchun g‘oyat qo‘l keladi. Ya’ni og‘uga ilakishgan odam xuddi o‘rgimchak uyasiga ilinib qolgan hasharotga o‘xshaydi. Xoh urinsin, xoh urinmasin, undan chiqib ketishi amri mahol. To‘r esa o‘z nomi bilan to‘r-da! Borgan sari o‘ralib, domiga tortaveradi va oxir-oqibat, fojiaga olib keladi. Anglaganingizdek, ana shu «ilinganlar» og‘riqdan azoblanayotgan joni talabini bajarmaslikka o‘zida kuch topa olmay qoladi. Qarabsizki, bir martalik «orom»ni millionga sotib olishga tayyor holga keladi. Ammo, unda millionni qo‘ying, bundayrog‘i ham topilmasa-chi?! Mana, jinoyatlar ildizi qaerda! Mana, og‘riqsiz, osuda joningizning bir lahzasi qanchaga baholanyapti! Mulohaza qilib ko‘ring, axir shusiz hayotingiz tinch, mehnatingiz barakali bo‘lib, kuningiz bexavotir o‘tishi zavqli emasmidi?!

Xullas, bu og‘uni totgan ham, sotgan ham o‘z hayotiga qasd qilgan shaxsdir. Achinarlisi esa, mana shu qasd domiga, yaqinlarini ham tortib ketishadi. O‘zgalar hayotiga xavf soluvchi kishilarni esa qonun aslo kechirmaydi.

Rashid KARIMOV.

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг

Тавсия этамиз:

FORISHLIK SPORTCHI XALQARO MUSOBAQADA BRONZA MEDALI SOHIBI BO‘LDI
26 февраль 2024, Понедельник
FORISHLIK SPORTCHI XALQARO MUSOBAQADA BRONZA MEDALI SOHIBI BO‘LDI
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар