21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni. Forish tumani 30-son madaniyat markazida 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Husniya Egamova, tuman ma’naviyat-ma’rifat markazi rahbari Nodir Soliyevlar so‘zga chiqib, mamlakatimizda o‘zbek tiliga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidlashdi.
Prezidentimizning O‘zbek tili bayrami munosabati bilan xalqimizga bayram tabrigida ona tilimizni rivojlantirishga oid dolzarb masalalar ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan.
Mamlakatimizda o‘zbek tilining nufuzini yanada yuksaltirish, bu boradagi amaliy ishlar, tadqiqotlarni rivojlantirish, zarur qo‘llanma, lug‘atlar, ilmiy-ma’rifiy manbalarni yaratish, uning targ‘botini kuchaytirish borasida jadal ishlar olib borilmoqda.
Ona tilimizni rivojlantirish borasida muayyan qonunchilik tizimi yaratilgan. Davlat tilining nufuzini va mavqeini oshirish borasida ko‘plab davlat tuzilmalari faol hissa qo‘shmoqda. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish jarayonida bu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlarni faol qo‘llab-quvvatlash, joylarda o‘zbek tiliga oid me’yor va qonunchilikka amal qilinishini tartibga solish, yosh ijodkorlarni rag‘batlantirish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bayram tadbirida tuman 30-son madaniyat markazi san’atkorlari tomonidan ona tilimizni ulug‘lovchi konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda so‘ngida ona tilimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh umumta’lim maktablarining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilariga tuman hokimligi tashakkurnomasi hamda tuman ma’naviyat-ma’rifat markazi tomonidan kitoblar sovg‘a qilindi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.