Mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida yangi 2024 – 2025-o‘quv yili boshlandi. Erta tongdanoq ilmga chanqoq o‘g‘il-qizlar maktab tomon oshiqadilar.
Vatanimiz mustaqilligining 33 yillik qutlug‘ to‘yi keng nishonlanayotgan shu kunlarda o‘g‘il-qizlarni hayajon bilan ta’lim maskani sari chorlagan tantanali tadbir “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri “Bir bo‘lsak yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida tumanning 3-sektor hududidagi “Oqtom” mahallasida joylashgan 35-umumta’lim maktabida ko‘tarinki kayfiyatda nishonlandi.
Tadbirda mahalla mutasaddilari, nuroniylar, jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda Xalq deputatlari Forish tuman Kengashi deputati Gulnoz Ikromova va boshqalar so‘zga chiqib, yurtimizda yoshlarning ilm olishi, kasb-hunar egallashi borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tishdi.
Tadbir davomida maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘yayotgan o‘g‘il-qizlarga Prezident sovg‘alari topshirildi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.