Bugun Forish tumanidagi barcha umumta’lim maktablarida an’anaviy tarzda 2024 – 2025 yangi o‘quv yili boshlandi.
Forish tuman hokimi Ikrom Matiyev 1-sektor hududidagi “Qo‘lba” mahallasida joylashgan 12-umumta’lim maktabida yangi o‘quv yili munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda ishtirok etib, barcha o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ota-onalarni yangi o‘quv yili bilan samimiy qutladi.
12-umumta’lim maktabida 460 nafar o‘quvchilar tahsil oladi. Bu yil maktab ostonasiga 47 nafar o‘g‘il-qizlar ilk bor qadam qo‘yishdi.
Tadbirda tuman hokimi maktabga ilk bor qadam qo‘yayotgan o‘g‘il-qizlarga “Prezident sovg‘alari”ni tantanali topshirdi. Tadbirda o‘quvchi-yoshlar o‘zlari tayyorlagan badiiy dasturlarini namoyish etishdi.
Mustaqillik – eng ulug‘ ne’mat. Mamlakatimiz o‘tgan o‘ttiz uch yil davomida jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallagani, ulkan yutuq va marralarni qo‘lga kiritgani, bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangilanishlarni, yangi O‘zbekistonni bunyod etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni misollar asosida tushuntirib berdi.
Shuningdek, kelajak sari intilayotgan yoshlarga Vatanni sevish haqiqiy baxt ekani, mamlakatimiz tinchligini asrab-avaylash, uning taraqqiyotiga hissa qo‘shish har bir o‘g‘il-qizning burchiga aylanishi, asosiysi, bu niyat va maqsadlarga erishish yo‘lida o‘quvchilar kuchli bilimga ega bo‘lishi, odob-axloq, tarbiya bilan kamolga yetish zarurligini alohida ta’kidladi.
Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirlarda tuman bo‘yicha 1752 nafar o‘g‘il-qizlarga “Prezident sovg‘alari” tantanali ravishda topshirildi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.