Bugun Forish tumanidagi barcha umumta’lim maktablarida 2024 – 2025 yil yangi o‘quv yili boshlandi.
Shu munosabat bilan tumandagi barcha umumta’lim maktablarida tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi o‘rinbosarlari, korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari, mehnat faxriylari, jamoatchilik vakillari, ota-onalar ishtirok etishdi.
Forish tumani 1-sektor hududidagi “Bog‘don” mahallasida joylashgan 1-umumta’lim maktabida ham birinchi qo‘ng‘iroq sadolari jaranglab, yangi o‘quv yili boshlandi.
Yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan maktabda tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda tuman hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Shavkat Uzoqov ishtirok etib, mamlakatimizda ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘yayotgan 110 nafar o‘g‘il-qizlarga “Prezident sovg‘alari” topshirildi.
Maydon uzra birinchi qo‘ng‘iroq jaranglab, o‘quvchilarni sinfxonalariga chorladi va “Bir bo'lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz!” shiori ostida mustaqillik darslari boshlandi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.