O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-200-sonli qarori qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish bo‘yicha respublika komissiyasi hamda hududlarda tadbirkorlar muammolarini o‘rganish va hal qilish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzildi.
Ushbu Qaror bilan Respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib ochiq muloqotni yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy chora-tadbirlarni tezkor va sifatli amalga oshirish, bu borada ekspert guruhlari, hududiy ishchi guruhlar, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish; tadbirkorlar murojaatlari va takliflarini tunu kun qabul qilish va umumlashtirish, tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, tadbirkorlarning alohida masalalarini joylarda tezkorlik bilan hal qilishni tashkil etish; hududlarda tadbirkorlar bilan muloqot haftaliklarini tashkil etish, ochiq muloqotni o‘tkazish joyi va muddati bo‘yicha takliflar va ishtirokchilar ro‘yxatini shakllantirish hamda Tadbirkorlar kunini keng nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Shuningdek, qarorda har yili 15-iyundan boshlab ochiq muloqot o‘tkazilgunga qadar respublika shtabi: maxsus elektron platformalar, savdo-sanoat palatasi huzuridagi Call-markaz xizmati, ijtimoiy tarmoqlar va sayyor qabullar orqali tadbirkorlarning murojaatlari tunu kun qabul qilinishini tashkil etadi. Har kuni tadbirkorlar murojaatlarini ekspert guruhlari va hududiy ishchi guruhlarga yuboradi hamda murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi yig‘ma ma’lumotlarni Respublika komissiyasiga taqdim etib boradi. Har haftada tadbirkorlar murojaatlari asosida aniqlangan tizimli muammolarni Jamoatchilik kengashida muhokama qilib, ularning yechimlari bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Respublika komissiyasiga kiritib boradi. Ekspert guruhlari tadbirkorlar murojaatlari asosida aniqlangan tizimli muammolarni tahlil qilib, har hafta ularning yechimi bo‘yicha takliflarni respublika shtabiga kiritadi. Hududiy ishchi guruhlari har kuni tadbirkorlardan kelib tushgan individual xususiyatga ega masalalar joyida hal qilinishini ta’minlab, har hafta biriktirilgan hududning har bir tumani (shahri)ga chiqqan holda, tadbirkorlar bilan sayyor qabullar tashkil etishi, aniqlangan tizimli muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflarni respublika shtabiga kiritib borishi lozim.
Hasan MAMARASULOV,
Forish tuman iqtisodiy sudi raisi.