“Mehnat qilsang – rohat ko‘rasan”, – deydi dono xalqimiz. Haqiqatdan ham, o‘zining tomorqasida mehnat qilib, rohatini ko‘rish insonga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Har yili tomorqasida mehnat qilib, natijada mo‘l hosil va daromad olayotgan yurtdoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi.
Forish tumani 3-sektor hududidagi “Sayyod” mahallasida yashovchi Jo‘raqul Usmonov ana shunday tomorqadan samarali foydalanib, oilasi farovonligini ta’minlab kelayotganlardan biri.
Jo‘raqul Usmonov o‘z tomorqasida uzum, meva va turli sabzavotlar yetishtirishdan tashqari yoz mavsumida qulupnay yetishtirishni ham yo‘lga qo‘yib, yaxshigina daromad olib kelayapti.
Forish tuman dehqon, fermer xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Jo‘raqul Usmonovni qo‘llab-quvvatlab, tomorqasini yanada kengaytirish uchun “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi mablag‘i hisobidan 15 million so‘m kredit ajratib berdi. Shuning hisobiga Jo‘raqul Usmonov qulupnay ekiladigan maydonlarni 2 sotixga yetkazdi.
– Bugungi kunda qulupnaylar g‘arq pishgan. Peshma-pesh bozorga olib chiqib xalqimiz dasturxoniga yetkazib berayapmiz, – deydi Jo‘raqul Usmonov. – Bugungi kunda bir kilogramm qulupnay bozorda 20-25 ming so‘m. Hozirga qadar birgina qulupnayning o‘zidan 20 million so‘mdan ziyod daromad oldik. Yerga mehr bergan kishidan ona zamin o‘z saxovatini ayamaydi.
Maqsadimiz bundan buyon ham xalqimiz dasturxoniga arzon mahsulotlarni yetkazib berishdan iborat. Qolaversa oilamiz ham shu hisobdan bekamu ko‘st farovon hayot kechirmoqda.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.