Jizzaxda bir oy davomida aholi kiberjinoyatlardan qanday himoyalanishi yuzasidan o‘tgan oylik bugun nihoyasiga yetdi.
Viloyatimizda joriy yil iyun va iyul oylarida kiberjinoyatchilikni oldini olish va fuqarolarni kibertahdidlardan ogoh qilishga yo‘naltirilgan “Cyber month” oyligi o‘tkazildi va barcha sohalarni, aholining faol qismini qamrab oldi.
Oylik doirasida o‘tkazilgan tadbir va anjumanlarda korxona va tashkilotlar ishchi xizmatchilari, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari xodimlari, mahalla fuqarolari, ommaviy axborot vositalari vakillari, yoshlar va blogerlar faol ishtirok etishdi.
Har bir ishda targ‘ibot muhim o‘rin tutadi. Shu o‘rinda 11 ta yo‘nalishda o‘tkazilgan tadbir, videoroliklar tanlovi aholining tushunchalarini orttirishda, ogoh bo‘lishda katta ahamiyat kasb etdi.
Bugun Jizzax shahridagi kibersport arenasida ushbu oylik yakunlanishi munosabati bilan hamda oylikda faol qatnashgan targ‘ibotchilarni rag‘batlantirish maqsadida oylikning yopilish tadbiri tashkil etildi.
Jizzax viloyati hokimligi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda so‘z olganlar so‘nggi yillarda viloyatda fuqarolarning kiberjinoyatlar qurboniga aylanishining oldini olish hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladilar.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmonining 4-ilovasi 30-bandi ijrosi yuzasidan viloyatda “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” tadbirlarini o‘tkazish belgilanganligi ushbu yo‘nalishdagi ishlarning tartibga solinishida muhim ahamiyat kasb etmoqda, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari A.Savurboyev.
Eslatib o‘tamiz, ikki yildan buyon viloyatimizda “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazib kelinmoqda.
Joriy yilda ham “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” tadbirlari Jizzax namunasi asosida butun respublikamiz miqyosida o‘tkazildi.
Shundan so‘ng, 11 ta yo‘nalishda o‘tkazilgan tadbir, videoroliklar tanlovi aholining tushunchalarini orttirishda, ogoh bo‘lishda katta ahamiyat kasb etganligi e’tirof etilib, tanlovda faol ishtirok etganlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Bu borada Forish tumani 2-sektor hududidagi “Ilonli” va 3-sektor hududidagi "Oybek" nomli mahallalarning " mahalla yettiligi" ham faol ishtirok etib, yuqori natijaga erishdilar.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.