Xotira va qadrlash – xalqimizning asriy qadriyatlari, ulug‘ fazilatlaridan. El-yurtimiz taraqqiyoti, yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda fidoyilik ko‘rsatgan insonlar hamisha el ardog‘ida.
Forish tumani “Garasha” mahallasida joylashgan 79-umumta’lim maktabida butun hayoti va mehnat faoliyatini yoshlar ta’lim-tarbiyasiga baxsh etgan ta’lim fidoyisi Shamsi Ziyodullayev xotirasiga bag‘ishlangan xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda o‘quvchi yoshlar, Shamsi Ziyodullayev bilan birga mehnat qilib, hozir nafaqada bo‘lgan ustozlar, mahalla oqsoqollari va mahalla aholisi faol ishtirok etdi.
Tadbir davomida fidoyi ustoz Shamsi Ziyodullayevning hayot yo‘li va mehnat faoliyati haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berildi.
Xotira tadbirida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti jahon chempionlari bo‘lgan sport ustalari, o‘quvchi-yoshlarning chiqishlari namoyish etildi. O‘quvchi-yoshlar ishtirokida viktorinalar tashkil etildi va bu viktorinalarda yoshlar faol ishtirok etishdi.
Tadbir davomida ustoz Hamdam Muxtorov rahbarligida o‘quvchilar ijodidan ko‘rgazmalar tashkil etildi.
Tadbir yakunida Shamsi Ziyodullayev sulolasining esdalik sovg‘asi sifatida 79-umumta’lim maktabiga ovoz kuchaytirgich asbobi, faol ishtirokchilarga sulolaning turli esdalik sovg‘alari topshirildi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.