Biz azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu g‘oya targ‘ibiga bag‘ishlangan buyuk milliy ma’naviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi.
9 mayni Xotira va qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi.
Ikkinchi jahon urushi boshlangan paytda O‘zbekiston aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan va O‘zbekistondan 1 million 951 ming kishi urushga safarbar etilgan. Har uch o‘zbekistonlikning bittasi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan.
Ular safida 3894 nafar Forishning mard o‘g‘lonlari yelkama-yelka turib qonli janglarda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga o‘z hissalarini qo‘shishgan. 2160 nafar forishliklar janglarda qahramonlarcha halok bo‘lishgan.
Xalqimiz urush yillari o‘zi bir burda non bilan kifoyalansa ham bor budini g‘alaba uchun sarfladi.
Hamon oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat-mashaqqat chekkanlar bor. O‘tganlarni xotirlash, safimizda yurganlarning esa qadriga yetish kerak.
Ana shu asoslarga ko‘ra, mustaqillik yillarida ham bizda 9 may umumxalq bayrami sifatida, 1999 yildan boshlab esa Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlaymiz. Darhaqiqat, Mustaqil davlatning bayramlari ham xalq tabiati va an’analariga mos bo‘lishi kerak.
Chunki har bir xalq qanday yashashi, nimani qadrlashi, qaysi sanalarni tantana qilishini o‘zi hal etadi. Bunda o‘z tarixidan kelib chiqadi, bugunini o‘ylaydi va kelajagini ko‘zda tutadi.
Bu bayramda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirlanadi, Afg‘oniston urushida halok bo‘lganlar sho‘ro siyosatining begunoh qurbonlari sifatida eslanadi, umuman, o‘tganlar ruhi yodga olinadi, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi.
Urushda halok bo‘lgan har bir o‘zbekistonlik – Vatanimiz farzandi edi. Ularni yoddan chiqarishga hech birimizning haqqimiz yo‘q. Istiqlol yillarida 35 jildlik “Xotira” kitobi chop etildi. Endi esa urush qurbonlarining nomi mamlakat poytaxtidagi Xotira maydoniga o‘rnatilgan temir “daftar”ga zarhal harflar bilan bitib qo‘yildi.
Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 79 yil to‘lyapti. Bu bir insonning o‘rtacha umriga teng. Oramizda shu yoshdan katta bo‘lganlargina urush davrini ko‘rgan. Biroq, g‘alabaga erishilganidan keyingi yillar oson kechdi, deb o‘ylaysizmi? Yoki bu jangu jadallar asoratlari bir umr odamlar qalbida chandiq bo‘lib qolmadimi? Kim ham urushda halok bo‘lgan jigarini unuta oladi?
Inson bor ekan, xotira – muqaddas. Hech kim, hech narsa esdan chiqmaydi. Xalq bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham urushni, uning qahramonlarini, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan hech bir kishini xotirasidan forig‘ qilmaydi.
Mutanosiblik, milliylik, insoniylik, falsafiylik, rag‘bat birlashgan joyda hayot daraxti gullab-yashnaydi. Hayot – hamisha shirin. Bayramlar insonning qalb torlarini cherta olishi bilan hayotni yanada shirinroq qiladi, odamlarni elu yurtni ko‘proq sevishga undaydi, olamda mehr-muruvvat, hurmat-e’tibor, qadr-qimmat va oqibat urug‘larining ko‘proq sochilishiga hissa qo‘shadi.
Xotira va qadrlash kunini munosib nishonlashdan ko‘zlagan bosh maqsadimiz – Vatan himoyachilarini xotirlash, oramizdagi fidoyi insonlarning, tinchlikning qadriga yetish, urushni qoralash, tinch-osoyishta yashayotganimiz, turmush farovonligini ta’minlash uchun ter to‘kib, unumli mehnat qilayotganimizning shukronasini qilishdan iborat.
Bu har qanday kishini ma’nan rag‘batlantiradi, uni yashashga, yaratishga, elu yurtga sadoqat va qat’iyat bilan xizmat qilishga undaydi.
Zero xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.