O‘zbekiston Respublikasi tinchliksevar siyosatni olib borar ekan, harbiy mojarolarning oldini olishda faol ishtirok etishni ustuvor vazifalardan biri deb hisoblaydi va o'z qonunchiligini ham shu siyosat asosida shakllantiradi.
Amaldagi Konstitusiyamizning 125-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi.
Shu bilan birgalikda, davlatning mudofaa sohasidagi siyosati boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimol tutilgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillariga asoslanadi. O‘zbekiston Respublikasi o‘z harbiy xizmatchilari hamda fuqarolarini mamlakatdan tashqaridagi harbiy harakatlarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Fuqarolarning chet davlati harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirganligi O‘zbekiston Respublikasining Fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra (25-modda, a-band) ularning O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotishiga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, polisiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish jinoyat deb baholanadi, (154-1-modda) hamda shu kabi qilmishni sodir etgan shaxslarga nisbatan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo chorasi belgilangan.
Nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi (JK.154-modda 1-qism) o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishiga sabab bo‘ladi.
Shu bois qonunchilikdan xabardorlik, ayrim munosabatlarga kirishishda fuqarolardan ogohlik talab qilinadiki, aks holda oqibati qonunda ijtimoiy xavfli qilmish deb baholangan xatti-harakat jinoiy javobgarlikka sabab bo'lishi mumkin.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.