2024-yil 27-yanvardan 28-yanvarga o‘tar kechasi Forish tumani 1-sektor hududidagi “Uchma” mahallasida yashovchi D.Zikirullayev xonadonidagi og‘ilxonadan bozor bahosi 2 million 900 ming so‘m bo‘lgan bir bosh qo‘chqor va har birining bozor bahosi 2 million 200 ming so‘m bo‘lgan jami 4 million 400 ming so‘mlik qo‘ylarni noma’lum shaxslar o‘g‘irlab ketadi.
Forish tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirda mazkur o‘g‘irlik jinoyatini “Uchma” mahallasida yashovchi 1993-yilda tug‘ilgan S.K. hamda Zafarobod tumani “Yorqin” mahallasida yashovchi 1991-yilda tug‘ilgan H.G‘.lar sodir etganligi aniqlanib, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, “Uchma” mahallasida olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida xonadonlarning birida hech qanday hujjatga ega bo‘lmagan o‘qotar qurol ushbu xonadonning yordamchi xonasida noqonuniy saqlab kelinayotgani aniqlanib, O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Uchma” mahallasida sodir etilgan ushbu jinoyatchiliklar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Forish tuman hokimi Ikrom Matiyev ishtirok etdi va mahallada sodir etilgan har ikkala jinoyatlar tafsilotlari bilan tanishtirdi.
Tadbir nihoyasida tuman hokimi Ikrom Matiyev so‘zga chiqib, mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, farzandlar tarbiyasiga e’tibor qaratish, bunday jinoyatlarning oldini olishni kuchaytirish maqsadida xonadon, mahalla va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligini mustahkamlash haqida so‘z yuritdi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.