Xalqimizda hashar deb nomlangan ajoyib an’ana bor. Bu odat yillar o‘tsaki, o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Boisi hasharda xalqimizning birligi, ahilligi namoyon bo‘ladi. Bahor kelishi bilan, to‘g‘rirog‘i, Navro‘z bayrami arafasida barcha hududlarda umumxalq hasharlari tashkil etilib, ariqlar loyqadan tozalanadi, daraxtlarga shakl berilib tagi oqlanadi, yangi daraxt ko‘chatlari ekiladi, qabristonlar obod qilinadi, hududlar chiqindilardan tozalanadi.
Jumladan, tumanda ham “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida 16-18 mart kunlari Navro‘z umumxalq bayrami hamda Ramazon oyi munosabati bilan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish xayriya xashari o‘tkazildi. Unda barcha tashkilot va idoralar xodimlari, keng aholi vakillari va faol yoshlar qalb amri bilan ishtirok etishdi va munosib hissa qo‘shishdi.
Hashar davomida 29 ming 059 nafar kishi qatnashgan. Shundan 20 ming 153 nafarini yoshlar tashkil etadi. Ular tomonidan 47,3 gektar maydon obodonlashtirilib 79,5 tonna maishiy va qurilish chiqindilari chiqarib tashlandi.
23,1 kilometr ariq va lotoklar tozalanib, 99 ta qabriston va 6 ta ziyoratgohlar obodonlashtirildi. 4 ming 480 tup manzarali, 9 ming 600 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. 3 ming 600 dona gul ko‘chatlari o‘tqazildi va 7 ming 910 ta daraxtga ishlov berilib, taglari oqlandi. Hasharga 78 ta texnika vositalari jalb qilindi.
Shuningdek, hashar davomida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordamlari ko‘rsatildi. Xususan, 18 ta oilaning 502,4 metr kvadrat uy-joylari ta’mirlab berildi. Ta’mirlash uchun jami 7,9 million so‘m mablag‘ sarflandi.
Tumandagi barcha mahallalarda korxona, tashkilot, muassasalarda tashkil etilgan umumxalq xayriya hasharlarida mas’ullar tomonidan dasturxonlar yozilib, osh damlanib hasharchilarga tortildi. Hasharchilar mehnati orqali mahallalar obod bo‘ldi.
Jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini, beg‘araz yordam, mehr-muruvvat kabi ezgu fazilatlarni tobora mustahkam qaror toptirish, aholi turar joylarini obodonlashtirish maqsadida o‘tkazilgan hashar yurtimizni yanada obod va fayzli bo‘lishida o‘ziga xos xayrli tadbir vazifasini o‘tadi.
Shuningdek, 16-18 mart kunlari o‘tkazilgan umumxalq xayriya hasharida ijtimoiy ko‘makka muhtoj insonlarning uy-joylari ta’mirlandi. Tomorqalarga ishlov berishda ko‘maklashildi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.