Forish tumanidagi madaniyat markazida “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z” degan bosh g‘oya asosida Navro‘z bayram sayllari bo‘lib o‘tdi.
Barchamizga ma’lumki, Navro‘z – yangi kun, yangi fasl demakdir. Bugun ona tabiat bag‘rida yangilanish va yasharish fasli boshlanmoqda. Ana shu betakror va dilbar faslda barchamiz o‘zimizni yasharib ketgandek, vujudimizga yangi kuch-g‘ayrat, azmu shijoat kirgandek his etamiz.
O‘zaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat ko‘rsatish, tabarruk keksalarimizni yo‘qlab, duosini olish, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar xolidan xabar olish, hasharlar uyushtirish, yurtimizni yanada obod qilish kabi saxovatli ishlarimiz Navro‘zning fayziga fayz qo‘shmoqda.
Tuman madaniyat markazi hovlisi Navro‘zga mos ravishda bayramona bezatilgan. Barchaning yuzida kulgi, qalbida shukronalik hissi. So‘z tuman hokimi Ikrom Matievga berildi. Tuman hokimi barchani Navro‘zi olam bilan qutladi.
Shundan so‘ng tuman madaniyat markazi san’atkorlari tomonidan “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z” deb nomlangan konsert dasturi namoyish etildi.
Tomosha dasturida bahor faslining kelganini aks ettiruvchi “Yurtim uzra Navro‘z sayli”, "Sumalak sayli”, “Qadryatlari qadrlangan O‘zbekiston”, “Bag‘ri keng diyor” nomli badiiy dasturlarida madaniyat markazlarida tashkil etilgan badiiy xavaskorlik to‘garaklar ishtirokchilari, “Tog‘ shalolasi” va “Parvoz” ashula va raqs xalq ansambli, “Bog‘don” folklor etnografik xalq ansambli, “Kichkintoy” xalq xavaskorlik qo‘g‘irchoq teatri, bolalar badiiy jamoasi, tuman badiiy havaskorlari ijrosida kuy-qo‘shiqlar, raqslar hamda Toshkentdan tashrif buyurgan estrada xonandasi Sardor Mamadaliev va “Ko‘k choy” guruhining chiqishlarini bayram tadbiri ishtirokchilari olqishlar bilan qarshi olishdi. Sayl davomida turli sport musobaqalari ham tashkil etildi.
Forish tuman hokimligi Axborot xizmati.