Muhtaram onaxonlar, qadrli opa-singillar, lobar qizlar!
Sizlarni, sizlar timsolingizda barcha mo‘tabar onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni go‘zallik bayrami – 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabriklayman.
Bu qutlug‘ bayramni doimo orziqib kutamiz. Bu bayram Yaratganning buyuk mo‘jizasi bo‘lgan ayol zotiga – mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimiz sha’niga eng go‘zal tilaklarni aytadigan kun.
Qadrli opa-singillar!
Vatanimiz taraqqiyotida, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlar o‘rni va mavqei ortib bormoqda. Ayollarimiz mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi barcha sohalarda xususan, davlat boshqaruvi va vakillik organlari, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda samarali mehnat qilishmoqda. Muhtaram Prezidentimizning farmoniga asosan samarali mehnatlari uchun o‘ndan ziyod ayollarimiz Vatanimizning orden va medallari bilan, 2 nafar onaxonimiz “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Xotin-qizlarimiz Yangi O‘zbekistonning oltin fondi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.
Mutafakkir jadid bobomiz Abdurauf Fitrat aytganidek, “Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir”.
Aziz ayollar!
Bugun mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda. Yangi O‘zbekiston “Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat” degan g‘oya asosida taraqqiy etmoqda.
Tumanda 2023 yilda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularga daxldor ijtimoiy muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shu maqsadda o‘tgan yili 989 nafar xotin-qizlarimiz bandligi ta’minlandi. 161 nafar xotin-qizlarga tadbirkorliklarini yo‘lga qo‘yishlari uchun 1 milliard 384 ming 200 so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. 1450 nafar opa-singillarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Ta’lim muassaslarida o‘qiyotgan 11 nafar xotin-qizlarning kontrakt pullari to‘lab berildi.