I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt ish stajiga qo‘shiladi
Pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan Qonun (O‘RQ–795-son, 26.10.2022 y.) Prezident tomonidan imzolandi
Unga ko‘ra, ixtisoslashgan tibbiy muassasalarning shifokorlari va o‘rta tibbiy xodimlari – maxsus ish staji shaharchalar, qishloqlar hamda ovullarda kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda oxirgi ish joyidan qat’i nazar, belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.
Qonunga muvofiq, o‘gay ota va o‘gay onaning vafot etgan o‘gay o‘g‘ilni (qizni) tarbiyalaganligi yoki boqqanligini aniqlash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Hisoblab chiqarilgan pensiyalarga ustama haqlar O‘zbekiston Respublikasi oldida alohida xizmatlari bo‘lgan shaxslarga – pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 100 foizidan 150 foizigacha belgilanadi. Bunda ularning pensiyasiga ustama to‘lash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lsa, fuqaroning arizasi asosida ish staji va ish haqi inobatga olingan holda pensiya har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi. Bunda pensiyani qayta hisoblash fuqaro pensiya miqdorini qayta hisoblash uchun murojaat qilgan sanadagi yoshga nisbatan talab qilingan ish stajidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Yorqin NURQULOV,
byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limi boshlig‘i.