BITIRUVCHI YOSHLAR BANDLIGINI TA’MINLASH MASALASI MUHOKAMA QILINDI
Forish tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tumandagi bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash masalasi muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Forish tuman hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Elnora Ummatova va tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Sobir Vaqqosovlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishga tumandagi umumta’lim maktablari direktorlari, mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari taklif etildi.
Tadbirda Forish tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Sobir Vaqqosov so‘zga chiqib, aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlardan biri etib, yoshlarni, ayniqsa, qishloq joylardagi yoshlarni, umumta’lim va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari, kasb-hunar maktablari, texnikumlar, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirishni ta’minlash belgilanganini ta’kidlab o‘tdi.
Bu boradagi tumanda amalga oshirilayotgan ishlar yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash borasida ular qiziqishlaridan kelib chiqqan holda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlariga ishga joylashtirish tadbirkorlikka yo‘naltirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab zarur ko‘mak ko‘rsatib borish kerakligini ta’kidladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish yuzasidan mutasaddilarga zarur topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.