Телефонлар:
(0372) 452-18-66
(0372) 452-17-95
» » UZUMCHILIK – XALQIMIZNING ASRLAR DAVOMIDAGI MILLIY DEHQONCHILIK MADANIYATI

UZUMCHILIK – XALQIMIZNING ASRLAR DAVOMIDAGI MILLIY DEHQONCHILIK MADANIYATI

16 апрель 2024 йил
160
0

Uzumchilik bu – xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyati, g‘ururi va daromad manbai hisoblanadi. Uzum xalqimizning turmush tarzi va urf-odatlari bilan bevosita bog‘lanib ketgan. Shu sababdan har bir ko‘chada, xonadonda tok o‘stirilgan.

Forish tumanining uzum yetishtirish bo‘yicha o‘z tajribasi va an’analari bor. Qolaversa, tumanning tabiiy yer va iqlim sharoiti uzum yetishtirishga mosligi bilan alohida ajralib turadi. Ayniqsa, tuman hududida yashayotgan aholi tomorqalarida yetishtirilayotgan husayni, toyfi, allani, maska, sayvi, qora va sariq kishmishlar, qora kishmish mayizlari o‘zining ta’mi, tabiiy tozaligi bilan dovrug‘i uzoq-uzoqlargacha tanilgan.

Tumanning Ilonchi, Osmonsoy, Sayyod, Kattabog‘don, Balandosmon, O‘rtaqishloq, Ko‘hnabozor qishloqlarida yashovchi ayrim oilalar birgina uzumchilikning o‘zidan yiliga 50-60 million so‘mgacha daromad olayotgani bor haqiqat.

Ota-bobolarimizning uzum yetishtirish bo‘yicha o‘z tajribasi bor dedik. Ko‘pgina xonadonlarda har yili kech kuzda toklar ko‘milgandan keyin tok tomirlari chuqur qilib kovlanib, o‘sha chuqurlarga mahalliy o‘g‘it solib ko‘mib chiqiladi. Kuzgi yog‘ingarchilik va qishki qorlar natijasida tok tubiga ko‘milgan mahalliy o‘g‘it erib, malhamga aylanadi.

Bundan tashqari qish mavsumida har bir tok tubiga yoqqan qorlar to‘plab chiqiladi. Bu esa yoz mavsumida toklarni suvsizlikdan asrab, uzum hosilini qurib qolishining oldini oladi.

Keyingi yillarda iqlim o‘zgarishi, yog‘ingarchiliklarning kam bo‘lishi va boshqa omillar sababli tumanda uzumchilikka bo‘lgan talab susaydi. Avvallari Forish uzumlari bozorlarda yanvar, fevral oylarigacha saqlanib sotilib kelgan bo‘lsa, endilikda oktyabr oyiga keliboq tugab qolyapti. Bugungi kunda bozorda forish uzumlari o‘rnini vodiy viloyatlari, Toshkent, Samarqand viloyatlarida yetishtirilgan uzumlar egallayapti.

Prezidentimizning 2023-yil 3-avgustdagi PQ-260-sonli «2023 – 2026-yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori Forish tumanida ham uzumchilikni rivojlantirish borasida yangi bosqichni boshlab berdi.

Tumanda 2024-yil bahor va kuz oylarida fermer, dehqon xo‘jaliklari va qishloq xo‘jalik korxonalarida 1409 gektar, aholi tomorqasiga esa 100 gektar tok ko‘chatlari ekish belgilangan. Ayni kunda tok ko‘chatlari ekish qishloq xo‘jalik korxonalarida davom etayapti. Aholi tomorqasiga esa 107 gektar yerga tok ko‘chatlari ekildi.

Tumanning «Uchma» mahallasi etaklari uzumchilikni rivojlantirishga, uzumzorlar tashkil etishga mos yerlar. Boisi bu yerlarda necha yillab chorva mollari boqilgan. Yerlar mahalliy o‘g‘itga to‘yingan.

«Uchma» mahallasida yashovchi Zoir Tinibekov forish uzumlari dovrug‘ini tiklashga bel bog‘lagan tadbirkorlardan. U uzumchilik bo‘yicha «Uchma klasteri» mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etib, 20 gektar yerda uzumzor tashkil etishga kirishdi. Tadbirkor bahor va kuz mavsumlarida 20 gektar yerga 12 ming tup tok ko‘chatlari ekishni rejalashtirgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 7500 tupdan ziyod tok ko‘chatlari ekdi. Tok ko‘chatlari ekish bilan birga dalalarga tomchilatib sug‘orish texnologiyalari ham joriy etilmoqda.

Bugun forish uzumi dovrug‘ini tiklash, uni yanada rivojlantirish borasida barcha imkoniyat va shart-sharoitlar yetarli. Faqat qunt va samarali mehnat qilish orqali ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin.

Rashid KARIMOV.

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг

Тавсия этамиз:

TOMORQA – DAROMAD MANBAI
21 апрель 2024, Воскресенье
TOMORQA – DAROMAD MANBAI
MAHALLADA UZUMCHILIK RIVOJLANADI
30 март 2024, Суббота
MAHALLADA UZUMCHILIK RIVOJLANADI
AHOLINING ELEKTR ENERGIYA TA’MINOTI YAXSHILANADI
06 ноябрь 2023, Понедельник
AHOLINING ELEKTR ENERGIYA TA’MINOTI YAXSHILANADI
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар