10 YILGA QISQARTIRILGAN HOLDA IMTIYOZLI PENSIYA OLISH HUQUQIGA KIMLAR EGA?
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasiga asosan, oxirgi ish joyidan qat’i nazar, quyidagi shaxslar umumiy belgilangan yoshni 10 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar:
Yer osti ishlarida, mehnat sharoiti o‘ta zararli va o‘ta og‘ir ishlarda to‘liq ish kuni davomida band bo‘lgan xodimlar;
- bunda, erkaklar — ish staji kamida 20 yil bo‘lib, bundan kamida 10 yili ko‘rsatib o‘tilgan ishlarga to‘g‘ri kelgan taqdirda;
- ayollar — ish staji kamida 15 yil bo‘lib, bundan kamida 7 yilu 6 oyi ko‘rsatib o‘tilgan ishlarga to‘g‘ri kelgan taqdirda.
Yer osti ishlaridagi mehnat staji erkaklarda 10 yildan kam va ayollarda 7 yilu 6 oydan kam bo‘lgan hollarda xodimlarga bu ishlardagi har bir to‘liq yil uchun umumiy belgilangan pensiya yoshi 1 yilga qisqartiriladi.
Misol uchun erkaklar 5 yil shu turdagi ishlarda ishlagan bo‘lsa, 55 yoshdan pensiyaga chiqish huquqiga ega bo‘ladi.
Yorqin NURQULOV,
byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Forish tuman bo‘limi boshlig‘i.