FORISH TUMANIDA “XALQARO QIZLAR” KUNI NISHONLANDI
BMT Bosh Assambleyasining 2011 yil 19 dekabrdagi rezolyusiyasiga asosan 11 oktyabr – “Xalqaro qizlar kuni” deb e’lon qilingan.
Millat davomchilari bo‘lmish qizlarni ma’rifatli, ma’naviyatli, oqila va dono qilib tarbiyalash, ilmu ziyoli qilib voyaga yetkazish muhim masala. Zero, bugun ta’lim-tarbiya olayotgan qizlar millatning ertasini belgilashda asosiy hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Shu bois ham millatimiz azaldan qizlar tarbiyasiga, ularning odob-axloqiga, xulqiga, o‘zini tutishi, yurish-turishiga alohida e’tibor qaratib keladi.
Ushbu sana munosabati bilan Forish tumanidagi tashkilot va ta’lim muassasalarida tadbirlar, uchrashuv va kechalar tashkil etilmoqda.
Jumladan, tumanning 4-sektor hududidagi “Xonbandi” mahallasida joylashgan 59-ixtisoslashtirilgan maktabda Forish tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi, tuman ma’naviyat-ma’rifat markazi va tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida “Xalqaro qizlar kuni” munosabati tadbir tashkil etildi.
Tadbirda tuman hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Elnora Ummatova, tuman ma’naviyat-ma’rifat markazi rahbari Nodir Soliev, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Gulchehra Karimova, mahalla xotin-qizlar faoli Noriniso Irisovalar so‘zga chiqishib, qizlarga odob-axloq qoidalariga amal qilish, shuningdek, yoshlikdan puxta bilim olish, o‘z haq-huquqlarini tanish hamda yurtimizda qizlarga yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish haqida tushunchalar berdilar.
Tadbirda jurnalist Muqaddas Saparova ishtirokchilarni tabriklab, o‘zi yozgan kitoblardan tarqatdi. O‘z navbatida qizlar ham bu borada o‘z fikrlarini bildirdilar hamda Vatan, ona, mehr-muhabbat haqidagi she’rlar o‘qib, qo‘shiqlar ijro etishdi.
Tadbir davomida hunarmandchilik va pazandalik tanlovlari o‘tkazildi. Tadbir so‘ngida faol ishtirokchilarga hamkor tashkilotlarning sovg‘alari topshirildi.
Forish tuman hokimligi axborot xizmati.